Oliy ta`lim taraqqiyoti o`z sa`y-harakatlarimizga bog`liq

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimovning ochiq muloqoti 8 yanvar kuni Tarix, Biologiya, Kimyo fakultetlari professor-o`qituvchilari ishtirokida davom ettirildi. 
Ochiq muloqot ishtirokchilari avvalo yangi 2019 yilgi ish rejalari bilan tanishtirildi. 



Bu yil talabalarimiz soni ancha oshgani va universitetimiz kontengenti ko`tarilgani munosabati bilan professor-o`qituvchilar va boshqa xodimlar uchun 175 ta shtat vujudga kelgani quvonchli hol, dedi O`zMU rektori. Endi ana shu lavozimlarda haqiqiy fidoyi, shijoatli xodimlar faoliyat ko`rsatmoqlari lozim. Professor-o`qituvchilarimizning ilmiy, pedagogik salohiyatlari qay darajada bo`lsa, ular etishtirayotgan kadrlar shunga yarasha bo`ladi. 

Ochiq muloqotda Kimyo fakulteti binosi qisqa vaqtda tamirlangani, zarur shart-sharoitlar yaratilgani, endi bu fakultetda qo`shma loyihalar tayyorlash fursati etganligi qayd etildi. 

Joriy yilda Kimyo va Biologiya fakultetlarida yana bittadan zamonaviy labaratoriyalar tashkil etilishi hamda ular faoliyati samarali yo`lga qo`yilishi lozimligi ta`kidlandi. Yuksak texnologiyalar markazi haqida so`z borar ekan, Biologiya fakultetida kafedralararo labaratoriya ochish va u o`zini o`zi mablag` bilan ta`minlashi maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi. 



Prezidentimiz oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantrish uchun katta imkoniyatlar bermoqda. Biz albatta bunga tayyor bo`lishimiz lozim, dedi O`zMU rektori. Jamiyatning rivojlanishi inovatsiyalar va ilmga bog`liq ekanligini yaxshi bilamiz. Demak, shunga yarasha harakat qilishimiz zarur. O`zMU bu yildan boshlab xalqaro reytingga kirdi.

Ta`limda sog`lom raqobat vujudga kelyapdi. Endi ta`lim sifatiga alohida etibor qaratish zarur. Bugungi kunda xorij ilmiy muassasalarida faoliyat ko`rsatayotgan bir guruh professor-o`qituvchilarimiz O`zMUga qaytish va faoliyatlarini davom ettirish istagida ekanligidan boxabarsiz. Ularni, pirovardida, barcha professor-o`qituvchilarimizni har tomonlama qo`llab-quvvatlash asl maqsadimizdir. So`nggi paytlarda maoshlar, boshqa moddiy manfatdorliklar oshib borayotgani barchani qanoatlantirmoqda. Endi har birimiz shunga yarasha ishlashimiz, mas`uliyatni dildan his etmog`imiz lozim. 

Ochiq muloqotda fakultetlar ilmiy salohiyatini oshirish, iqtidorli talabalar, magistrlar va yosh tadqiqotchilarni rivojlangan davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalariga yuborish, ilg`or innavatsiyalar ustida izlanish, yangi kashfiyotlar yaratish istiqbollari haqida so`z yuritildi. 

O`zMU rektori iqtidorli talabalarimiz qator yillardan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yuqori ko`rsatkichlarga erishgan holda ko`plab oltin, kumush va bronza medallarini qo`lga kiritib kelayotganini ta`kidlar ekan, imkoniyatlar eshigi yanada kengroq ochilayotgan hozirgi davrda bundan-da kattaroq natijalarga erishish uchun qat`iy sa`y-harakatlar qilish zarurligini qayd etdi.
 
O`zMU rektori virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan talabalar murojaati doimiy e`tiborda eanligi, har bir murojaat sinchkovlik bilan o`rganilayotgani va qator masalalar ijobiy hal etilayotgani ta`kidlandi. 
Aytish o`rinliki, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar jamiyatimiz qiyofasini tubdan o`zgartirmoqda. Ziyolilar, ayniqsa, Fanlar Akademiyasi faoliyati ancha jonlandi. Oliy ta`lim tizimida katta o`zgarishlar yuz bermoqda. 2016-2017 yillarda OTMlar soni 77 tadan 95 taga oshdi. Qabul kvotalari 66316 tadan 102741 taga ko`paydi, 52 ta oliy o`quv yurtida sirtqi ta`lim, 22 ta oliy o`quv yurtida maxsus sirtqi ta`lim, 9 ta oliy o`quv yurtida kechki ta`lim yo`nalishlari ochildi. Hozirgi qarorlar hayotga real tadbiq etilmoqda. Bu yil respublikamiz oliy ta`lim tizimida yana 50 ta filial ochilishi kutilmoqda. Bozor iqtisodiyoti talablarini e`tiborga olgan holda ta`lim tizimida ham raqobat kuchaymoqda. 
Yana bir muhim qadam: 2018 yil 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston-Rossiya ta`lim forumi bo`ldi. Forumda 400 dan ortiq, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasidan 147 nafar ta`lim va ilmiy sohalar xodimlari ishtirok etishdi. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridan 20 ta, Sankt-Peterburg shahridan 9 ta, Federal universitetlari 7 ta, hududiy 45 ta jami 81 ta oliy ta`lim muassasasi Forumda ishtirok etdi. Forum doirasida O`zbekistonda oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator muzokaralar olib borildi va 114 ta ta`lim va ilmiy faoliyatga bag`ishlangan ikki tomonlama hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Bugungi kunga qadar imzolangan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo`yicha Yo`l xaritalari tasdiqlandi. 
Ana shu Yo`l xaritalari doirasida O`zMUda yana qo`shma fakultetlar ochish, professor-o`qituvchilarni chet elga stajirovkalarga ko`proq yuborish maqsadga muvofiqdir. 
Bu beqiyos o`zgarishlarni har bir professor-o`qituvchimiz dildan his etmog`i va faoliyatini shunga yarasha takomillashtirib bormog`i lozimdir. 

To`lqin EShBEK, 
Shermuhammad ERNAZAR, 
O`zMU gazetasi muxbirlari 
Suratlar muallifi Maqsud BOBOEV 

Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari